Asosiy kontentga o‘tish

Loyihalar

Real loyiha · 2026 · ~3 daqiqa o‘qiladi

Humo Logistics — logistika boti va AI tarif-kalkulyator

Xitoy–O'zbekiston logistika kompaniyasi uchun Telegram bot: mijoz kabineti, tarif va bojxona hisob-kitoblari, AI agent va avtomatik AI hisobotlar. 2026-iyundan kompaniyaning butun texnik xizmati menda.

Python · aiogram · OpenAI API · Claude API · SQLite · systemd

  • 2 600+ foydalanuvchi
  • 4 til (uz/kril/ru/en)
  • AI agent + kalkulyator
  • bojxona to'lovi bahosi
Mundarija

Muammo#

Humo Logistics — Xitoy va O'zbekiston o'rtasida yuk tashish, bojxona rasmiylashtiruvi va sourcing bilan shug'ullanadigan kompaniya. Mijozlar tarifni bilish uchun har safar menejerga yozar, buyurtma holatini telefon orqali so'rardi. Menejerlar kunining katta qismi bir xil savollarga javob berish bilan o'tardi. Kompaniyaga mijoz o'zi-o'ziga xizmat qiladigan kanal kerak edi — O'zbekistonda buning eng tabiiy joyi Telegram.

Loyihada jamoa ishlagan; mening zimmamda Telegram bot bo'lgan. 2026-yil iyundan boshlab esa kompaniyaning butun texnik tomoni — backend, frontend, bot, AI agentlar, analitika va server nazorati — to'liq mening xizmatimda.

Yechim#

Mijoz botga kirib telefon raqami va SMS-kod bilan o'z kabinetiga ulanadi: buyurtmalari, shartnomalari va yuk holati — hammasi bot ichida. Eng ko'p so'raladigan savol — "bu yuk qancha turadi?" — endi ikki yo'l bilan yechiladi: klassik forma orqali yoki erkin matnda yozib yuborish orqali (AI o'zi tushunib hisoblaydi).

Arxitektura#

  • Mijoz kabineti — kompaniya API'si bilan integratsiya: telefon + SMS-kod orqali autentifikatsiya, mijoz-kodi bilan buyurtmalarni kuzatish;
  • Tarif xizmati — mahsulotlar og'irlik/hajm bo'yicha jamlanadi, zichlikka qarab mos tarif tanlanadi (logistikada narx zichlikka bog'liq — yengil, lekin hajmli yuk boshqacha hisoblanadi). Tariflar Excel'dan import/eksport qilinadi — narxlarni menejerlar o'zi yangilaydi, kod o'zgarmaydi;
  • AI kalkulyator — mijoz yukini erkin matnda tasvirlaydi ("20 quti telefon aksessuari, har biri 3 kg..."), OpenAI modeli undan strukturali ma'lumot ajratib, hisobni o'sha tarif xizmatiga beradi. AI kvotasi tugasa — adminlarga avtomatik ogohlantirish;
  • Bojxona hisob-kitobi — mijoz tovarining TNVED kodi tanlanadi va bojxona to'lovi kompaniyaning etalon bazasidan — avval real deklaratsiya qilingan yuklar statistikasidan — baholanadi. O'lchov birligi tovarga qarab moslashadi (dona, hajm, og'irlik yoki m²);
  • AI agent (adminlar uchun) — kompaniya bazasi bo'yicha istalgan erkin savolga javob beradi ("o'tgan oy qaysi yo'nalish ko'p yurdi?" kabi). Ikki modelli sxema: asosiy model ishlamay qolsa, zaxira modelga foydalanuvchi qaroriga ko'ra o'tiladi — xato hech qachon jimgina yutilmaydi;
  • Avtomatik AI hisobotlar — rejalashtiruvchi haftalik va oylik tahlilni o'zi tuzib adminlarga Telegram'da yuboradi, kunlik anomaliya tekshiruvi esa g'ayrioddiy o'zgarishlarni darhol ogohlantiradi;
  • To'rt til (o'zbek lotin/kril, rus, ingliz), rollar tizimi, valyuta kurslari, ommaviy xabar yuborish — bot ayni paytda serverda systemd ostida 24/7 ishlaydi.

Qiyin qarorlar#

AI'ni hisobga aralashtirmaslik. AI faqat tushunadi, hisoblamaydi: erkin matndan og'irlik/hajm/miqdorni ajratib olish — model ishi, narxni hisoblash — deterministik tarif xizmatining ishi. Narx masalasida "AI adashdi" degan holat bo'lishi mumkin emas, chunki hisob har doim bitta formuladan o'tadi.

Tariflarni kodda emas, Excel'da saqlash. Menejerlar Excel bilan ishlashga o'rgangan; har narx o'zgarishida dasturchini kutish — jarayonni sekinlashtirardi. Import/eksport qatlami tariflarni validatsiya qilib bazaga oladi — xato fayl tizimni buzmaydi.

Bojxonani rasmiy tariflar emas, o'z tarixdan baholash. Bojxona to'lovining rasmiy "kalkulyator API'si" yo'q — har yuk deklarant orqali alohida hisoblanadi. Yechim: kompaniyaning o'zi avval deklaratsiya qilgan yuklari — tayyor etalon baza. Shu tarixdan o'rtacha ko'rsatkichlar chiqariladi, chetga chiqqan qiymatlar hisobga olinmaydi — mijoz esa javobni deklarantni kutmasdan, taxminiy baho sifatida oladi.

Natija#

  • Bot jonli mijozlarga xizmat qilmoqda: @humo_logistics_uz_bot;
  • 2026-yil avgust holatiga 2 685 foydalanuvchi;
  • Tarif so'rovlari menejersiz, bir necha soniyada yechiladi;
  • 2026-iyundan kompaniya texnik xizmatining yagona mas'uli sifatida davom etyapman — bot endi kattaroq tizimning bir qismi (sayt, analitika, AI agentlar).

Kod — kompaniya mulki (yopiq). Arxitektura va yechimlar haqida savollar bo'lsa — bog'laning.

Aloqador maqolalar