Startup · 2026 · ~3 daqiqa o‘qiladi
BogchaSaaS — bitta bog'chadan biznesga o'tmoqchi bo'lganim
Startup qurish orzusi menda anchadan bor edi. Bog'cha uchun boshqaruv tizimi g'oyasi kelganda, kerakmi-yo'qmi bilay deb bitta bog'chaga taklif qilib bordim — ma'qullashdi. O'sha bitta "ha" menga yetib ortdi: ko'p o'ylamay ishga kirishdim. Bitta bog'cha uchun boshlagan tizimim yo'l o'rtasida "hamma bog'chalar uchun" platformaga aylanib ketdi — birinchi xatoyim shu bo'ldi. Loyiha oxiriga bormadi, ammo menga eng ko'p narsa o'rgatdi. Endi uni boshidan quraman — shoshilib emas, o'ylab.
Python · Django · DRF · PostgreSQL · React · TypeScript
Mundarija
Hammasi bitta "ha"dan boshlandi#
Startup qurish orzusi menda anchadan beri bor edi — faqat nimasini aniq bilmasdim. Bir kuni oddiy bir fikr keldi: bog'chalar uchun boshqaruv tizimi. Davomat, ovqat, to'lovlar, oyliklar — kundalik ishlarni bir joyga jamlaydigan narsa.
G'oya menga yoqdi. Lekin menga yoqishi bilan bog'chaga kerak bo'lishi — ikki boshqa gap. Shuning uchun bitta ham qator kod yozmasdan turib, bir bog'chaga bordim va g'oyani aytdim. Ular ma'qullashdi.
O'sha bitta "ha" meni shunchalik ruhlantirdiki, ortiq o'ylab o'tirmadim. Ichimda bitta ovoz bor edi: kerak ekan, demak qurish kerak. Hozir ortga qarab tushunaman — men o'shanda bitta "ha"ni g'oyaning tasdig'i deb emas, deyarli butun bir biznesning tasdig'i deb qabul qilgan ekanman.
Bitta bog'chadan "hamma bog'chalar"gacha#
Boshida hammasi sodda edi: men bitta bog'chaning muammosini yechardim. Keyin yo'l o'rtasida bir savol paydo bo'ldi va meni tinch qo'ymadi — nega faqat bitta bog'cha? Hamma bog'chalar ishlata oladigan platforma qilsam-chi?
O'sha savoldan keyin loyiha o'zgardi. Endi oddiy tizim yetmasdi: tashkilotlar, filiallar, obunalar, rollar, sozlamalar kerak bo'lib qoldi. Bitta bog'chaning ishini yechayotgan loyiha sekin-sekin butun platformaga aylana boshladi — men esa hali birinchi bog'chaning o'zini ham oxirigacha yechmagan edim.
Birinchi katta xatoyim shu edi: bitta muammoni yaxshilab yechib olishdan oldin, hammaning muammosini yechishga urindim.
Ikkinchi xato — har mijozga nusxa#
Yana bir narsani noto'g'ri tasavvur qilgandim: tizimni qanday ko'paytirishni. Rejam ko'zimga sodda ko'ringan edi — bir marta tayyorlayman, keyin yangi bog'cha kelganda copy-paste qilaman va har biriga o'zim alohida sozlab beraman.
Bugun bilaman: bu yo'lda har yangi mijoz yangi kodga, yangi sozlamaga, yangi muammoga aylanadi. Bir joydagi tuzatishni qolganlariga qo'lda ko'chirib yurish kerak bo'ladi, va mijoz ko'paygan sari tizim emas, boshqarib bo'lmaydigan nusxalar ko'payadi. Lekin boshlagan paytim buni ko'rmadim. Ba'zi narsani kitobdan o'qib bilasan, ba'zilarini esa faqat o'zing urilib ko'rgach.
Loyiha nega to'xtadi#
Ikki tomondan ham o'zimni burchakka tiqib qo'ygan ekanman: ko'lamni juda erta kengaytirdim, tizimni esa o'sha kenglikka tayyor qurmadim. Natijada boshida aniq ko'ringan loyiha bora-bora og'irlashdi — har yangi funksiya bilan tugash nuqtasi uzoqlashaverdi. Oxiri u yolg'iz odam ko'tara olmaydigan yukka aylandi va to'xtadi. Birinchi marta jiddiy boshlagan startupim yurishmadi.
Lekin eng ko'p narsani shu loyiha o'rgatdi#
Loyiha muvaffaqiyat bo'lmadi, lekin uni bekorga qildim deya olmayman — bugun ko'p narsaga boshqacha qarashimga aynan shu sabab bo'ldi. Undan ikkita oddiy, lekin men uchun juda qimmat saboq qoldi.
Birinchisi: avval bitta muammoni oxirigacha yechish kerak. "Keyin hamma ishlatadi" degan fikr chiroyli, lekin avval hech bo'lmasa bitta odamga yoki bitta tashkilotga haqiqatan foyda berayotganingni ko'rish kerak.
Ikkinchisi: tizimni bugungi ehtiyoj uchun sodda, ertangi o'sish uchun tayyor qurish kerak. Kengayishni boshidan hisobga olish bir gap, boshidanoq hamma narsani qurib tashlash butunlay boshqa gap — men o'shanda shu ikkisini aralashtirib yuborgan ekanman.
Endi — boshidan#
Endi shu loyihaga qaytmoqchiman, lekin bu safar "g'oya zo'r ekan, ketdik" deb emas. Avval bitta bog'cha, bitta aniq muammo, ishlaydigan va foyda beradigan mahsulot. Keyingi qadam esa faqat shundan so'ng. Arxitekturani boshidan shunday quramanki, ertaga ikkinchi yoki yuzinchi bog'cha kelganda hammasini qaytadan yozishga to'g'ri kelmasin.
Birinchi urinishim qulagan bo'lishi mumkin. Ammo aynan o'sha qulash menga keyingi safar qanday qurish kerakligini o'rgatdi. Endi uni boshidan quraman — ishtiyoq bilan emas, tajriba bilan. Xudo xohlasa.
Kod yopiq. Loyiha va undan chiqargan xulosalarim haqida gaplashishni istasangiz — bog'laning.
Aloqador maqolalar
Barchasi →Darslik · 17.08 · ~6 daqiqa
DRF filtrlash va pagination: «hammasini» emas, «keraklisini» qaytaring
Ro'yxat endpoint'i bazadagi hamma yozuvni qaytarsa, u vaqt bombasi: bugun 50 ta film, bir yildan keyin 50 ming. django-filter bilan filtrlash, qidiruv, tartiblash va sahifalashni Netflix-uslub API misolida to'liq sozlaymiz.
Darslik · 16.08 · ~5 daqiqa
DRF'da avtomatik Swagger: hujjat kodning o'zidan tug'iladi
«Qanday endpoint'lar bor, nima yuboraman, nima keladi?» — frontend jamoasining abadiy savoli. drf-spectacular bilan API hujjati koddan avtomatik yasaladi va kod o'zgarsa hujjat ham o'zi yangilanadi. Netflix-uslub API misolida sozlaymiz.
Darslik · 16.08 · ~7 daqiqa
DRF API'ni APIClient bilan testlash: status, JSON va ruxsatlar
API'ni Postman'da qo'lda bosib tekshirish ham 'brauzerda bosib ko'rish'ning o'zi. DRF'ning APIClient'i bilan endpoint'larni kod orqali tekshiramiz: to'g'ri javoblar, validatsiya xatolari va kirish ruxsatlari — ToDo API misolida.